Kiberxavfsizlik

Shimoliy Koreya raketachilarini Rossiyaga yubormoqda

6-avgust, 2026, 09:340 ko'rish2 daqiqa o'qish
Shimoliy Koreya raketachilarini Rossiyaga yubormoqda

Ukraina harbiy razvedkasi vakili Andrey Chernyakning aytishicha, Rossiyaning g‘arbiy hududlarida Shimoliy Koreya (KXDR) raketa bo‘linmasi yaqin vaqtda joylashtirilishi mumkin. Reuters agentligi ushbu ma’lumotni Ukraina harbiy razvedkasi vakili Andrey Chernyakka tayanib tarqatdi.

Ma’lumotlarga ko‘ra, taxminan 90 nafar shimoliy koreyalik harbiydan iborat bo‘linma allaqachon Rossiya tomon yo‘l olgan. U 120 ta ballistik raketa va oltita raketa uchirish qurilmasi bilan ta’minlanishi mumkin. Bo‘linmaning ehtimoliy joylashuv hududi sifatida Rossiyaning Voronej viloyati tilga olinmoqda.

Ukraina uchun xavf

AQShning Filadelfiya shahridagi Tashqi siyosat tadqiqotlari instituti harbiy tahlilchisi Rob Lining Reuters agentligiga bildirishicha, KXDR raketalari Ukraina uchun jiddiy xavf tug‘dirishi mumkin. Uning fikricha, ayniqsa qish mavsumida Rossiya Ukraina energetika infratuzilmasiga hujumlarni kuchaytirishi mumkinligi va Ukraina havo mudofaa tizimidagi raketa tanqisligi xavotir uyg‘otmoqda.

5-avgustga o‘tar kechasi Rossiya tomonidan amalga oshirilgan ommaviy raketa va dron hujumi vaqtida Ukraina havo kuchlari ballistik va kemalarga qarshi raketalarning birortasini ham yo‘q qila olmaganini ma’lum qildi. Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiyning bildirishicha, ushbu hujum natijasida 17 kishi halok bo‘lgan, yana 44 kishi turli darajada jarohat olgan.

Rossiya va Shimoliy Koreya o‘rtasidagi hamkorlik

Reuters ta’kidlashicha, Moskva va Pxenyan o‘rtasidagi harbiy hamkorlik Rossiyaning 2022-yilda Ukrainaga qarshi keng ko‘lamli urushi boshlanganidan keyin sezilarli darajada faollashgan. 2024-yilda ikki davlat o‘zaro mudofaa to‘g‘risidagi shartnomani imzolagan.

Agentlik ma’lumotlariga ko‘ra, KXDR Rossiyaga millionlab artilleriya o‘q-dorilarini yetkazib bergan, shimoliy koreyalik harbiylar esa Rossiya armiyasi tomonida janglarda qatnashgan.

Ukraina manbalariga ko‘ra, hozirda Rossiyaning Ukraina bilan chegaradosh Kursk viloyatida 9,5 ming nafarga yaqin KXDR harbiysi joylashgan. Shuningdek, o‘tgan hafta Dnepropetrovsk viloyatidagi Radushnoye qishlog‘iga shimoliy koreyaliklar ishlab chiqargan raketa zarbasi oqibatida olti kishi halok bo‘lgani ma’lum qilingan.

Yaqinda Rossiyaga tashrif buyurgan KXDR tashqi ishlar vaziri Tsoy Son Xi esa Pxenyan Moskvaga har tomonlama yordam ko‘rsatishda davom etishini bildirgan.

Manba: Kun.uz
#Shimoliy Koreya #Rossiya #Ukraina #raketachilar #harbiy hamkorlik
Telegram da muhokama qilish